Dasturiy ta’minot nima?
Dasturiy ta’minot — bu kerakli funksionallikni ta’minlovchi ko’rsatmalar to’plamini o’z ichiga olgan dastur yoki dasturlar to’plami. Muhandislik esa — bu ma’lum bir maqsadga xizmat qiladigan, va shu maqsad yo’lida muammolarga iqtisodiy jihatdan samarali yechim bera oladigan narsa yoki dasturni loyihalash va qurish jarayoni.
Dasturiy ta’minot muhandisligi nima?
Dasturiy ta’minot muhandisligi — bu dasturiy ta’minotni loyihalash, ishlab chiqish, sinovdan o’tkazish va uni qo’llab-quvvatlab turish jarayonidir. Bu yuqori sifatli, ishonchli va xizmat ko’rsatish qulay bo’lgan dasturiy mahsulotlar yaratishga yo’naltirilgan tizimli va intizomli yondashuvdir.
1. Dasturiy ta’minot muhandisligi vazifalarni tahlil qilish, loyihalash, test qilish va texnik xizmat ko’rsatish kabi turli metod va vositalarni o’z ichiga oladi.
2. Bu tez rivojlanayotgan soha bo’lib, dasturlar ishlab chiqarishni yaxshilaydigan yangi vosita va texnologiyalar doimiy ravishda ishlab chiqiladi.
3. Dasturiy ta’minotni ishlab chiqishda mos metod va vositalarni qo’llash orqali dasturchilar sifatli va foydalanuvchi ehtiyojlariga javob bera oladigan mahsulotlar yaratishlari mumkin.
4. Dasturiy ta’minot muhandisligi, asosan, katta dasturiy tizimlar ustida ishlovchi loyihalarda qo’llaniladi.
5. Dasturiy ta’minotning asosiy maqsadi — sifat, byudjet va vaqt jihatdan samaradorlikni oshirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqishdir.
6. Dasturiy ta’minot muhandisligi yaratilishi kerak bo’lgan dasturni talabga muvofiq, to’g’ri, ishonchli, o’z vaqtida va byudjetga muvofiq bo’lishini nazorat qiladi.
Dasturiy ta’minot muhandisligining asosiy tamoyillari
- Modullilik: Dasturiy ta’minotni kichik, katta dastur ichida kichkina bir vazifani bajarib turadigan, dasturning boshqa qismlarida ham kerak bo’lganida qayta ishlatilishi mumkin bo’lgan funksiya yoki modulli qismlarga ajratish.
- Abstraktsiya: Dasturning rangi, o’lchami, kichik va muhim bo’lmagan detallarini yashirib turib, faqat eng kerakli va dasturni ishlashida muhim bo’lgan qismlarni qoldirish va asosan shularga e’tibor qaratish.
- Inkapsulyatsiya: Dastur ichidagi bir obyektning barcha ma’lumot va funksiyalarni bir birlikka birlashtirish.
- Qayta ishlatiluvchanlik: Boshqa loyihalarda ham qo’llanishi mumkin bo’lgan komponentlarni yaratish va shu orqali vaqtni va quvvatni tejash.
- Texnik xizmat ko’rsatish: Yangi funksiyalar qo’shish, xatolarni tuzatish yoki yangilab turish, yanada xavfsizroq qilish.
- Test qilish, tekshirish: Dasturiy ta’minot xatolardan holi va talabga javob berishini tekshirish.
- Pattern (uslub) larni loyihalash: davomiy ravishda sodir bo’ladigan muammolar uchun bir xil qolip tuzilishidagi yechimlar taqdim etish.
- “Agile” (tezkor) metodologiyalari: dasturning o’zidan ko’ra uni ishlatadiganlarga, ularning talablariga ko’proq fokus qaratish, moslashtirish.
- Davomiy integratsiya qilish va bajarish: Kod o’zgarishlarini uzluksiz sinovdan o’tkazish va ishlatish.
Dasturiy ta’minot muhandisligining asosiy xususiyatlari
- Samaradorlik: Resurslarni samarali foydalanadi.
- Ishonchlilik: bir biriga o’xshash vaziyatlarda ishlatilganida adashib ketmaydi va bir xil to’g’ri natijani yetkazib beradi.
- Qayta ishlatiluvchanlik: Bu xususiyati funksiya yoki modullarni boshqa turli joylarda ham ishlashini ta’minlab beradi.
- Saqlab turish: Talablarga ko’ra dasturning o’zgarishi, xatolari tuzatilishi, va vaqt o’tgani va ishlatilgani sari yaxshilanib borishi.
Dasturiy ta’minot muhandisligida kasblar
Dasturiy ta’minot muhandisligi bo‘yicha daraja va tajribaga ega bo‘lganlar bir nechta IT sohasidagi yuqori maoshli kasblarda faoliyat yuritishlari mumkin. Kasb tanlovi o‘qish joyi, soha va mintaqaga qarab farq qiladi. Quyidagicha kasblar mavjud:
- Dasturiy ta’minot muhandisi (SWE)
- Dasturiy ishlab chiqish muhandisi (SDE)
- Veb dasturchi
- Sifatni nazorat qiluvchi muhandis
- Veb dizayner
- Dasturiy test muhandisi
- Bulutli texnologiyalar muhandisi
- Front-End dasturchi
- Back-End dasturchi
- DevOps muhandisi
- Xavfsizlik muhandisi
Dasturiy ta’minot muhandislari nima ish qiladi?
Dasturiy ta’minot muhandisining asosiy vazifasi foydali dasturlar va ilovalarni yaratishdir. Ular jamoalarda ishlaydi va mijoz yoki kompaniya talablariga javob beruvchi echimlar ishlab chiqadilar. Ulardan ba’zilari:
- Talablarni tahlil qilish – Mijozlar bilan ishlash, dasturiy echim uchun zarur bo‘lgan talablarni yig‘ish.
- Loyihalash va ishlab chiqish – Yaxshi strukturalangan va talabga javob beruvchi kod yozish.
- Testlash va nosozliklarni tuzatish – Unit testlar yozish, integratsiya testlari o‘tkazish va koddagi xatolarni tuzatish.
- Kod ko‘rib chiqish – Kod sifati va standartlarga mosligini tekshirish, ma’lumot almashish.
- Texnik xizmat – Mavjud dasturlarni yangilash, xatolarni bartaraf etish va funksiyalar qo‘shish.
- Hujjatlashtirish – Kod va tizim dizayni haqida tushunarli hujjatlar tayyorlash.
Dasturiy ta’minot muhandisi uchun zarur bo’lgan ko’nikmalar
Yaxshi dasturiy ta’minot muhandisi bo’lish uchun soft skill va hard skillarga ega bo’lishlari kerak bo’ladi:
Hard skill – Texnik ko’nikmalar:
- Kod yozish va dasturlash
- Dasturlarni test qilish, tekshirish
- Obyektga yo’naltirilgan dizayn (Object-oriented programming)
- Dasturiy ishlab chiqish
Soft skill – shaxsiy ko’nikmalar:
- Muloqot qilish ko’nikmalari
- Jamoada ishlay olish
- Muammolarni hal qila olish
- Diqqat bilan ishlash, detallarni ko’zdan qochirmaslik
Dasturiy ta’minot muhandislari qancha maosh olishadi?
Butun dunyo bo‘yicha ko‘pchilik dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari yiliga o‘rtacha 50,000 AQSH dollaridan kam daromad olishadi. Bu raqam nafaqat junior (yangi boshlovchi) dasturchilarni, balki ba’zi tajribali, ya’ni senior darajadagi mutaxassislarni ham o‘z ichiga oladi — ularning ish joyi va ishlayotgan kompaniyasiga qarab. Biroq, o‘rtacha (mid-level) yoki katta tajribaga ega dasturiy ta’minot muhandisi yiliga 50,000 dan 120,000 dollargacha ham daromad olishlari ehtimoli yuqori.
Xulosa:
Xulosa qilib aytganda, dasturiy ta’minot muhandisligi qimmatga tushishi va ko‘p vaqt talab qilishi mumkin, shuningdek, u moslashuvchanlik va ijodkorlikni cheklashi ehtimoli bor. Biroq, sifatning yaxshilanishi, ishlab chiqarish samaradorligining oshishi va dasturiy ta’minotni osonroq saqlab turish imkoniyati bu xarajatlar va murakkabliklardan ustun bo‘lishi mumkin. Dasturiy ta’minot muhandisligidan foydalanishning afzalliklari va kamchiliklarini sinchiklab o‘rganish, u ma’lum bir loyiha uchun to‘g‘ri yondashuv bo‘ladimi-yo‘qligini aniqlashda juda ham muhim hisoblanadi.
“Dasturiy ta’minot” muhandisligi bo‘limi lideri: Alisher Ergashov
Manba:
https://www.geeksforgeeks.org/software-engineering-introduction-to-software-engineering/