Bosh sahifa Yo'nalishlar Mexanika Mexanik muhandisligining eng yirik yutuqlari. (1-qism)
Mexanika

Mexanik muhandisligining eng yirik yutuqlari. (1-qism)

Ulashish
Ulashish

1. Integrallashgan sxemalarni ommaviy ishlab chiqarish.

Elektronika sanoati integral mikrosxemalar, kompyuter xotira chiplari va mikroprotsessorlarni ixchamlashtirish bo‘yicha ajoyib texnologiyalarni ishlab chiqdi.

Shuningdek, XX asr davomida mexanik muhandislar mikrosxemalarni ishlab chiqarish usullarini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shdi. 1972-yilda Intel korporatsiyasi tomonidan sotuvga chiqarilgan 8008 protsessorida 2500 ta tranzistor mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi Intel kompaniyasining «Tukvila» protsessorida 2 milliarddan ortiq tranzistor mavjud. Millionlab tranzistorlarni o’z ichiga olgan kremniy chipi  komponentlari sonining  qisqa vaqt ichida tez o‘sishi ko‘pincha Intel asoschilaridan biri Gordon Mur sharafiga «Mur qonuni» deb ataladi. Chunki integral mikrosxemalarga joylashtirilishi mumkin bo‘lgan tranzistorlar soni har 18 oyda ikki baravar oshishishi Gordon Mur tomonidan 1965-yilda tahmin qilingan edi. Olimlar va muhandislar jismoniy tomondan muammolarga tobora ko‘proq duch kelishayotgan bo‘lishsa ham, bu tahminlar hanuzgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. 

Mexanik muhandislar integratsiyalashgan sxemalarni nanometr yordamida ishlab chiqarish imkonini beruvchi mashinalar, moslashuv tizimlari, yuqori sifatli materiallar, haroratni nazorat qilish va tebranishlardan himoya qilish tizimlarini loyihalashadi. Yanada tushunarliroq qilib aytganda, o’zimiz bilgan shifoxonadagi tomografiya (KT) jarayoni bunga misol bo’ladi. KT skaneri rentgen nurlari yordamida tanamizning ichki qismini har tomonlama suratga oladi va ularni birlashtirib aniq tasvir hosil qiladi.

2. Konditsioner va sovitish texnologiyalari.

Mexanik muhandislar samarali konditsioner va sovitish tizimlarini ixtiro qilishgan. Bugungi kunda bu texnologiyalar nafaqat odamlarni xavfsiz va qulay sharoit bilan ta’minlaydi, balki oziq-ovqat va tibbiy mahsulotlarni sovitish tizimlarida saqlash imkonini ham beradi. Havo sovutgichlarning muhimliligini ko‘pincha ular ishlamay qolgandan keyin anglaymiz. Masalan, 2003-yilgi Yevropadagi rekord darajadagi issiqlik to‘lqini paytida, Fransiyada 10 000 dan ortiq kishi (aksariyati keksalar) haddan tashqari issiqlik sababli vafot etdi.

Mexanik muhandislar issiqlik uzatish va energiya almashinuvi tamoyillaridan foydalanib, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqariladigan joylarda, yetkazib berish vaqtida va uy sharoitida saqlashga yordam beruvchi sovitish tizimlarini yaratadilar. Shuning uchun bugungi kunda minglab kilometr uzoqlikda, hatto boshqa mamlakatlarda tayyorlangan mahsulotlarni ham ishonch bilan sotib olamiz, chunki ular shu kabi tizimlar tufayli iste’molga yaroqlilik muddatini uzoq muddat saqlay oladilar. 

Dastlabki mexanik sovitish tizimlari 1880-yillarda mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, ular faqat pivo zavodlari, go‘sht qadoqlash fabrikalari, muz ishlab chiqarish korxonalari va sut sanoati bilangina cheklangan edi. Ammo dastlabki sovitish tizimlari ko‘p texnik xizmat talab qilar, shuningdek, xavfli yoki tez alangalanuvchi moddalar sizib chiqish ehtimoli yuqori edi va shuning uchun ularni uy sharoitida foydalanish bir nechta xaflari keltirib chiqarar edi . 1930-yilda Freon sovutgichining ixtiro qilinishi xavfsiz uy konditsionerlari va muzlatgichlar tijoratida katta burilish nuqtasini hosil qildi. Biroq, keyinchalik Freon o‘rniga galogenlangan uglevodorodni (CFC) o‘z ichiga olmaydigan moddalar qo‘llana boshladi, chunki CFC moddalari yer atmosferasidagi ozon qatlamini yemirishi aniqlangan edi.

3. Kompyuter asosidagi muhandislik texnologiyasi.

“Kompyuter asosidagi muhandislik” (KAM) atamasi mexanik muhandislikdagi turli avtomatlashtirish texnologiyalarini qamrab oladi va u kompyuterlardan hisob-kitoblarni amalga oshirish, texnik chizmalar tayyorlash, ish jarayonini raqamli modellashtirish va zavodlarda dastgohlarni boshqarishda foydalanishni anglatadi. So‘nggi o‘n yil ichida kompyuter va axborot texnologiyalari mexanik muhandislik amaliyotini tubdan o‘zgartirdi. Hozirgi kunda ko‘pgina mexanik muhandislar zamonaviy kompyuter texnologiyalari yordamida ishlaydigan dizayn va tahlil dasturlari, ma’lumotlar bazalari hamda kompyuter boshqaradigan prototiplashga mo‘ljallangan uskunalardan foydalanish imkoniyatiga ega. Ba’zi sanoat sohalarida KAM texnologiyalari odatdagi qog‘ozdagi loyihalash va tahlil usullarini to‘liq o‘rnini egallagan. 

Yirik xalqaro kompaniyalarda loyihalash guruhlari va texnik ma’lumotlar dunyoning turli nuqtalarida joylashgan bo‘lib, mahsulotlar kompyuter tarmoqlari yordamida kun-u tun — 24 soat davomida tuzib chiqiladi. Masalan, Boeing 777 kompyuter yordamida loyihalash jarayoni orqali ishlab chiqilgan birinchi tijoriy samolyot hisoblanadi. 777 samolyoti loyihasi 1990-yillarning boshlarida boshlangan bo‘lib, loyiha muhandislari uchun maxsus yangi kompyuter tizimini yaratishga to‘g‘ri kelgan. An’anaviy qog‘oz va qalam yordamidagi chizmalar chizish deyarli yo‘q bo‘lib ketdi. Kompyuter yordamida ishlab chiqilgan dizayn, tahlil qilish va ishlab chiqarish jarayonlari 17 ta vaqt mintaqasiga tarqalgan 200 dan ortiq dizayn jamoalari tomonidan birgalikda bajarildi. Ammo samolyotda 3 millionga yaqin turli qismlar mavjud bo‘lganligi sababli, hammasini bir-biriga moslashtirish katta qiyinchilik tug‘dirdi. KAM vositalarini keng qo‘llash orqali dizaynerlar har qanday jismoniy qism ishlab chiqarilishidan oldin qismlarning o‘zaro mosligini modellashtirish orqali tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Kamroq fizik namunalar va tajriba modellari yaratish va ularni sinovdan o‘tkazish orqali samolyot bozorga ancha tezroq va qulay narxlarda chiqarildi. Hozirda KAM vositalari mobil qurilmalari turli platforma, dasturlar uchun qo’llanilishi ham ko’zda tutilyapti.

4. Biomuhandislik

Biomuhandislik an’anaviy muhandislik sohalarini biologiya fanlari va tibbiyot bilan bog‘lovchi soha hisoblanadi. Muhandislik tamoyillari, tahlil vositalari va loyihalash usullari biologik tizimlarda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishda qo‘llaniladi. Biomuhandislik hali yangi soha sifatida rivojlanayotgan bo‘lsa-da, uning tibbiyot va sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq muammolarni yechilishidagi kelajak imkoniyatlari tufayli Amerika Mexanik Muhandislar jamiyatining eng yaxshi o‘ntaligi ro‘yxatiga kiritilgan. 

Biomuhandislikning asosiy maqsadi farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish uchun yangi texnologiyalar yaratishdir. Bunga yangi dori vositalarining kashf etilishi, genomika, ultratovushli diagnostika, sun’iy bo‘g‘imlar, yurak urushini boshqaruvchi qurilmalar, sun’iy yurak klapanlari va lazer jarrohligi kiradi. Masalan, mexanik muhandislar issiqlik uzatish jarayon bosqichlaridan foydalangan holda, jarrohlar uchun suyuq azot yordamida o‘smalarni yo‘q qilishda yordam beradi. Shuningdek, muhandislikning bu turi tibbiyot mutaxassislari bilan hamkorlikda tabiiy to’qimalarni qayta ishlash(teri transplatsiyasi) va sun’iy organlar ishlab chiqishda ham juda katta foyda keltiradi. Chunki biomuhandislik yordamida biz inson tanasidagi shikastlangan teri, suyak va tog‘aylarni tiklashimiz mumkin bo’ladi

5. Tartib va standartlar

Muhandislar tomonidan yaratilgan mahsulotlar boshqalar tomonidan ishlab chiqilgan uskunaga ulanishi va ular bilan mos kelishi kerak. Misol uchun, agar siz AQShda ishlab chiqarilgan smartfon quvvatlagichini O’zbekistonda sotib olsangiz, u mahalliy elektr tarmog’iga (220V) mos kelishi uchun muhandislar voltaj va razetka standartlarini hisobga olishi kerak.  Masalan, siz o’tgan oyda sotib olgan yoqilg’i bugungi kunda ham avtomobilda ishlashi mumkinligi; biror joydan sotib olingan ehtiyot qismlar boshqa bir joyda ishlab chiqarilgan mashinalarga mos kelishi kerak.

Ko’pgina standartlar hukumatlar va sanoat guruhlari o’rtasida kelishuv orqali ishlab chiqiladi va ular kompaniyalar biznes uchun xalqaro miqyosda raqobatlashayotgani sari ularning muhimliligi oshib bormoqda. Kodlar va standartlar savdo uyushmalari, Amerika Mexanik Muhandislar Jamiyati kabi professional muhandislik jamiyatlari, Xavfsizlikni Tekshirish Laboratoriyasi kabi sinov guruhlari va Amerika Sinov va Materiallar Jamiyati kabi tashkilotlar o’rtasida hamkorlikni o’z ichiga oladi. Velosiped va mototsikl mustahkam shlyemlar, avtomobillar va bolalar uchun xavfsizlik o‘rindiqlarining halokatdan himoya qilish xususiyatlari va uy izolyatsiyasining yong‘inga chidamliligi – bu ko‘rsatmalar muhandislarga xavfsiz mahsulotlarni ishlab chiqishda yordam beradigan muhim prinsiplarlardir.

Mexanik muhandislik bo‘limi lideri: Asadbek Tillayev
Tarjimon: Baratova Sevinch
Muharrir: Husan Samandarov
Manba: “Introduction to Mechanical Engineering” Third Edition

Ulashish
Bu mavzudagi maqolalar

        Ishlab chiqarish jarayoni

Ishlab chiqarish texnologiyalari iqtisodiy jihatdan juda muhim, chunki ular xom ashyoni foydali...

Mexanik muhandislik nima?  

Mexanik muhandislik – bu muhandislik tamoyillarini dizayndan tortib ishlab chiqarish va bozorlarga...