Перевод пока не готов. Ниже показана статья на узбекском языке.

Motosport Yo'nalishlari
Motosport Yo’nalishlari
Poygaga asoslangan bo’limlar
Qachonki siz motosport haqida eshitganingizda, birinchi bo’lib hayolingizga keladigan narsa nima?
Tahmin qilib ko’raman — dvigatellarning o’kirishi, tez yurar mashinalar, kaska va formadagi poygachilar. Lekin, bu tasavvur noto’g’ri hamda juda ham yuzaki hisoblanadi.
Keling, bu mavzuga chuqurroq sho’ng’ib ko’rib u yerda nima borligiga nazar solsak. Sizga tasavvur qilish oson bo’lishi uchun bir misol keltiraman. To’p bilan o’ynaladigan o’yinlar haqida bilsangiz kerak, to’g’rimi? Ularning juda ham turlari ko’p (futbol, basketbol, voleybol). Motosportning ham o’zini dunyosi mavjud; u turli xil yo’nalishlarga bo’lingan bo’lib, har birining o’zini falsafasi, mashinalari, trassalari, strategiyalari va o’zining fan-bazasiga ega.
Bu maqola orqali siz motorsport haqida bilimlaringizni oshirishingiz, o’zingizga mos motosport yo’nalishini topishingiz, yangi qiziqish va hobbilarga ega bo’lishingiz mumkin.
Motosport o’zi nima?
Bu savolga birinchi maqolada javob olgan edik. Motosport – bu kelajak labaratoriyasidir. Motosport bu avtomobillar, mototsikllar, motor qayiqlar va samalyotlar ishtirokidagi faoliyat turi, xususan sport tadbirlar va musobaqalar. Hozir esa biz asosan poygaga ixtisoslashtirilgan turlari haqida o’rganamiz, kelgusi maqolalarda boshqa yo’nalishlarini ham ko’rib chiqamiz. Bir narsani eslab qoling, “Poyga faqat motosportdan iborat emas, Motosport ham faqat poygadan bo’lmaganligi haqida!”.
Poygaga asoslangan sohalarini yengil bir-necha so’zlar bilan ta’riflasak bo’ladi: start va finish, tezlik, aylana yoki vaqtga asoslangan formatdagi musobaqa.
FIA (Fédération Internationale de l'Automobile) va FIM (Fédération Internationale de Motocyclisme) tomonidan bu turdagi sportlarga global standardlar joriy etiladi.
Aylana Poygalar (Circuit racing)
Aylana Poygalar (1.1-rasm) motosportning eng mashhur yo’nalishlaridan biri bo’lib, unda ko’plab transportlar bir vaqtning o’zida maxsus trassada harakatlanishadi. Undagi aylanalar ikki xil turga bo’linadi - vaqtincha hamda doimiy. Vaqtinchasiga, biz Monaco va Bakuni (1.2-rasm va 1.3-rasm), doimiysiga esa Silverstone aylanasini (1.4-rasm) misol qilib keltira olamiz.

Circuit Racing tarmoqlari
Formula Poygalari (Ochiq-g’ildirakli)
Bu motosportning eng ilg’or aerodinamikasiga ega, bir-o’rindiqli, g’ildiraklari ochiq-oydin ko’rinib turadigan avtomobillar ishtirokidagi poygadir. Quyidagilarni misol sifatida keltira olishimiz mumkin:
Formula 1 (F1) — FIA tomonidan tashkillashtirilgan, dunyo miqyosida eng katta auditoriyaga ega bo’lgan, 1000hp (hp-horsepower = ot kuchi)ga ega bo’lgan kuchli mashinalar. (2.1-rasm)
Formula 2&3 – yosh talantlarni Formula 1 tomon yetaklab boruvchi standard mashinalar.
Formula E – faqat elektr orqali harakatlanadigan poyga turi.
IndyCar – Shimoliy Amerikaning open-wheel poygasi bo’lib, u oval shakliga egaligi bilan mashhur. (2.2-rasm) Asosiy ajralib turadigan jihatlari – karbon shassi, gibrid va eletrik quvvat hamda kuchli aerodinamikasi.
Turistik avtomobillar poygasi (Touring car racing)
Bu oddiy ko‘cha avtomobillariga o’xshash bo’lsada, biroq yuqori darajada modifikatsiya qilingan avtomobillar ishtirok etadigan motosport yo’nalishi hisoblanadi.
Ushbu musobaqalardagi avtomobillar tashqi ko‘rinishdan kundalik hayotdagi mashinalarga o‘xshab ko‘rinsa-da, ularning ichki tuzilmasi professional poygalar uchun maxsus sozlangan bo‘ladi. British Touring Car Championship (BTCC) va World Touring Car Cup (WTCR) (2.3-rasm) kabi chempionatlarni turistik avtomobillar poygasining eng ko’zga ko’ringan musobaqalari hisoblanadi.
GT&Sport avtomobillar poygasi
GT (Gran Turismo) avtomobillari (2.4-rasm) — asosan kupé (nomral) shaklidagi, yuqori tezlik va poygaga moslashtirilgan avtomobillardir. Ushbu turni turistik avtomobillarga o’xshatgan bo’lsangiz ajab emas, biroq ularning orasidagi farq shundaki, ulardagi avtomobillarning chidamliligi hamda dizayniga katta e’tibor qaratilganidir. GT poygasini haqiqiy laboratoriya deb aytsak xato bo’lmaydi, negaki ular bizga kelajak texnologiyalarini taqdim etishadi. Qizig’i esa, eng chidamli va kuchli mashinalar ayni shu poygada dunyo yuzini ko’radi va rivojlanadi. Misol qilib, Le Mans 24 hours (2.5-rasm)ni olsak, u dunyodagi eng chidamli mashina poygalardan biri. “Le Mans 24 hours” poygasi – o’z nomi bilan 24 soat davom etadi; bunda ham mashina ham poygachining irodasi sinovdan o’tkaziladi. Shuningdek WEC va IMSA poygalari 6 soatdan to 24 soatgacha cho’ziladi.
Stock Car Racing
Stock – zavoddan chiqqan holatdagi avtomobil degan ma’noni anglatsada, ammo bugungi poygalarda butunlay poygaga moslashtirilgan mashina degan ma’noni beradi. Bu turdagi poyga, asosan AQSHda, aniqroq aytadigan bo’lsak, Shimoliy Amerikada ommalashgan. Bular ham oddiy mashinalarga o’xshashi mumkin, biroq ularning ichida V8 nomli momqaldiroq joylashtirilgan. Shassi ham aksariyat avtomobillarga nisbatan mustahkamroq bo’lib, portlashga chidamli yoqilg’i tizimiga ega. Bu turdagi maxluqlarni bir yerga yig’gan esa – NASCAR (2.6-rasm) hisoblanadi. Yanada yaxshiroq tasavvur qilish uchun “Cars” filmidagi McQueen 95 ni eslang, o’sha biz bilgan chaqmoq McQueen.
Truck Racing
Truck Racing — bu og‘ir yuk mashinalari bilan o‘tkaziladigan poygalar bo‘lib, ular professional tarzda maxsus poyga sharoitlariga moslashtirilgan. Eng mashhuri — FIA European Truck Racing Championship (ETRC)dir.
Har bir poyga yuk mashinasining og‘irligi ~5,300 kg bo’lib, ular 160 km/soatgacha tezlasha olishadi. Bu katta maxluqlarning o’ziga mos maxsus tormoz hamda sovutish tizimi, va yana poyga shassisi ham mavjud.

Rally Poygasi (Rally Racing)
Qachonki odamlar poyga haqida gaplashayotganda, ular asosan tekis trassalar, tribunalar va aylanalarni tasavvur qilishadi. Ralli poygasi esa bu ssenariyni butunlay qaytadan yozadi.
Ralli haydovchini yovvoyi tabiatga uloqtirib yuboradi. Ushbu poyga turi aylanani qayta-qayta aylanishdan iborat poyga turi emas. Ralli eng xavfli poyga turlaridan bo’lib, u tasodifiy yo’llardan iborat: cho’llar, o’rmonlar va hattoki qorli joylar Rallining vatani hisoblanadi.
Ralli poygasi nima?
Ralli poygasi (3.1-rasm) bu yopiq ommaviy joylarda yoki xususiy yerlarda o’tkaziladigan poyga bo’lib, modifikatsiya qilingan mashinalar birdaniga emas, balki birma-bir poygani yakunlashadi. Ularning raqibi - bu vaqt. Eng qisqa vaqt ichida aylanalardi tamomlagan poygachi go’lib hisoblanadi.
Trassada poygachilar bir-biriga raqib emas; har bir mashina solo tarzda, o’sha yerdagi trassaning o’zida, charchoq va fizikaga qarshi kurash olib boradi. Bu haqida to’liq tushunchaga ega bo’lish uchun “Rally Racing” deb YouTubega qidiruv berib video ko’rishingiz mumkin. Ishonamanki, bu sizni hayron qoldira oladi.
Ralli poygalarining boshqalaridan ajratib turadigan jihati shundaki, mashinada ikkinchi haydovchining mavjudligi. Har bir ralli jamoasida ikkitadan odam bo’lib, ularning biri mashinani boshqarsa, narigisi oldinda turgan yo’l haqida ogohlantirib turadi. Tasavvur qilib ko’ring, ikkinchi haydovchisiz eng kuchli haydovchilar ham bir-necha daqiqada yo’qolib qolishi yoki halok bo’lishi mumkin. Ushbu sanalgan jihat, ralli musobaqalarida ishonch yuksak ahamiyat kasb etishini anglatadi.
O’rmondagi kichik yo’lakchada 150 km/soat tezlikda ketayotgan mashina haydovchisiga uning sherigi qaysi vaqt qayerga burulish kerak ekanligini aytib turadi. Kichik xato tufayli ikkala haydovchi daraxtlar tomon qulashi turgan gap.
Rallining eng mashhur tadbirlari: Stage Rallying, Rally Raid (3.2-rasm) va TSD Rally lardir.
Rallining mashhur chempionatlari: WRC (World Rally Championship), ERC (European Rally Championship), Dakar Rally va Asia-Pacific Rally Championship (APRC).Qiziq fakt: Ralli mashinalari oddiy ko’rinishga ega bo’lganiga qaramay, ularni mukammal tarzda yaratishning har bitta sezoni $1 million dollar talab qiladi.
Mototsikl Poygasi
Mototsikl poygasi motosportda olamida o’zining muhim o’rniga ega bo’lib, uni uch so’z bilan ta’riflasa bo’ladi – odam, mashina va shamol. Boshqa mashinalar singari ularda ekipaj, kamar va havo yostiqchalari mavjud emas. 350 km/soat tezlikda chizzangiz asfaltga tegib turar ekan, sizdan sanab quyidagi uch xislat talab qilinadi: yuqori darajadagi boshqaruv, jismoniy kuch va aqliy aniqlik. Faqatgina tezlikni emas, balki tirik qolish haqida ham qayg’urishingiz kerak bo’ladi.
Agar mototsikllarning aylana bo’ylab yuqori tezlikda harakatlanayotganini ko’rmoqchi bo’lsangiz MotoGP(3.3-rasm)ga nazar soling, agar to’g’li hududlarda mototsikl yordamidagi aqlbovar qilmas tryuklarni ko’rmoqchi bo’lsangiz, motocross hamda enduro ayni siz qidirayotgan narsa.
Bu sportlarning asosiy jihati shundaki haydovchi mashinaning bir qismiga aylanadi, uning har bir harakatining oqibatlari mavjud. Uning tanasi bu balans va aerodinamika vazifasini o’taydi. Aniqroq qilib aytganda ular mototsikl haydashmaydi balki mototsiklga aylanishadi.
MotoGP – bu mototsikl poygasining eng yuqori klassi va mototsikl poygasining “Formula 1”si hisoblanadi.
360+ km/soat tezlik, burulayotganda 60+ gradusga og’ish, 2.6 sekundda 0-100km/soatgacha tezlanish — ha bu MotoGP. Valentino Rossi, Marc Marquez va Francesco Bagnaia esa MotoGp afsonalari hisoblanishadi. MotoGpdan pastroq klasslarlariga – Moto3, Moto2 va Superbike poygasini misol qilib keltirsak bo’ladi.
“Isle of Man TT (Time Trials)” (3.4-rasm) nafaqat mototsikl poygalari, balki butun dunyodagi eng xavfli poygalardan biri bo’lib, u shahar va qiyaliklar orasidagi ommaviy yo’llarda bo’lib o’tadi. Poygachilar o’rtacha 200+ km/soat tezlik bilan tosh devorlar ichidan o’tib borishadi. Birgina kichik xato halok bo’lish demakdir.
MotoGP jamoasi uchun ajratilishi kerak bo’ladigan byudjet: har bir sezon uchun $15–$40+ millionlar orasida.
Boshlang’ich poyga (MiniGP, MX): MotoGp ga nisbatan arzonroq bo’ladi.
Mototsikl poygasiga kirish qulayligi: Motocross > Supermoto > Supersport > Superbike.
O’zbekiston ham bemalol motocross yoki supermoto kabi tadbirlarni joriy etishi mumkin. Bu orqali yosh istedodlar offroad yo’llarda o’zlarini sinab ko’rish imkonini qo’lga kiritadilar.

Karting
Agar Formula 1ni universitet deb faraz qiladigan bo’lsak, Karting bu bo’gchaga o’xshash narsa bo’ladi.
Biroq hech ham bu “bolalar o’yini” degan hayolga bora ko’rmang. Karting shafqatsiz va shiddatlidir. U sizga barcha narsani o’rgata oladi. Ilk refleksiyalar ayni shu yerda tug’ilib, poygachilar shu yerda yetishib chiqadi. Karting bu O’zbekistonning motosport imperiyasi tomon qo’yilgan ilk qadam bo’lishi mumkin. Hozirgi kunga qadar, asosan u ko’ngil ochar sport sifatida mavjud bo’lib, professional sport shaklida ommalashganicha yo’q.
Karting nima?
Karting (3.5-rasm) go-karts yoki karts nomli ochiq g’ildiraklari kichik va yengil avtomobillar ishitrokidagi poyga turi hisoblanadi.
Karting bizga quvib o’tish, bloklash, vaqtida gaz va tormoz berish, tezkor qaror qabul qilish, strategik fikrlashni rivojlanishga yordam beradi. F1, MotoGp, Rally, NASCAR – bularning barchasi shu yerdan boshlangan. Ko’ngilochar markazlarda uchratish mumkin bo’lgan kartingni ma’lum vaqtga ijaraga oligan holda maxsus yo’lakchalarda foydalanish mumkin. Bu turdagi karting mashinalari asosan 10-25 ta ot kuchiga ega bo’ladi.
Shuningdek O’zbekistonda Havaskor Karting Chempionatlariga ham duch kelishingiz mumkin va bunday musobaqalar mahalliy klublar ishtirokida tashkillantiriladi. Musobaqalarda qatnashadigan kartlar ko’ngilochar markazlarinikiga solishtirganda ancha tezroq bo’lishi mumkin, biroq hali ham professional darajada deb aytolmaymiz.
Professional karting qanday bo’ladi deysizmi? Professional karting ikki yoki to’rt taktli yonuv dvigateli bilan 30-50 ot kuchiga ega bo’ladi. Bu esa kartga kichik trassalarda 130km/soat tezlikda harakatlanishga imkon beradi. Professional kartingda maxsus jamoa, pit jamoasi, qo’shimcha uskunalar, zahira g’ildiraklari va muhandislari ishtirok etadi.
Shifter karts (3.6-rasm) – mexanik quti, 3.5 sekundda 0-100 km/soatgacha va gravtiatsion kuchi va boshqaruvi jihatidan F4 va F3 mashinalariga o’xshaydi. Shifter kart mashinalari professional kartingdan ham yuqorida turuvchi klass bo’lib, undan F1 poygachilari sezon tugagan vaqtida shug’ullanish uchun foydalanishadi.
Karting mexanik empatiyani o’rgata oladi, bu esa poygachilarni nafaqat yaxshi poygachi, balki muhandisga ham aylantira olishi belgisidir. Bir necha F1 poygachilari kartingdagi karyeralari ajoyib bo’lganligi haqida aytishgan, xususan afsonaviy F1 poygachi Aytron Senna quyidagi so’zlarni aytadi:
Karting bu haqiqiy poyga. U shunchaki poyganing o’zi, hech qanday siyosat va pul aralashmaydi. U haqiqiy mashina haydash hissini beradi. Haqiqiy poygani kartingdan topish mumkin.
Yakuniy Xulosa
O’zbekistonlik F1 poygachi bo’lmoq yoki ko’rmoqlik orzusi bor ekan, biz ilk qadamni karting orqali qo’yishimiz kerak bo’ladi. Muhandis.Uz bilan motosport muhandislik maqolalari orqali, biz yoshlarga ruhlantirish va bilim berish orqali, nasib qilsa, kelajakda milliy karting ligalarini, kerak bo’lsa poyga akademiyalarini tashkil etib, ular orasida poyga madaniyatini yuksaltiramiz.
Motosport bu faqat F1 yoki faqat poygadan iborat emasligini tushungan bo’lsangiz, va o’zinigiz uchun sevimli bo’lgan yo’nalishingizni topa olgan bo’lsangiz, ushbu maqolamiz o’z vazifasini bajaribdi deb bemalol ayta olamiz. Motosport jonli labaratoriya, unda biilm va ruh, ishtiyoq va maqsad, yoshlar va kelajak birlashadi.
Keyingi sondagi maqolalarda motosportning noodatiy poygalari hamda rasmiy poyga hisoblanmaydigan turlarini, xususan drift, avtokross, to’g’ musobaqalari (hill climb) va akrobatik turlarini ko’rib chiqamiz. Motosportning sirli tomonlarini birgalikda kashf qilamiz.